Andijonning “Ishbilarmon ayol”lari saralandi
“Va’da emas natija, ertaga emas bugun”, “Erkin va farovon, qudratli yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiorlari ostida O‘zLiDeP saylovoldi targ‘ibot tadbiri hamda “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi Andijon shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘lib o‘tdi.
Keng ko‘lamli partiya saylovoldi tashviqotiga hamohang ruhda kechgan ko‘rik-tanlovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova, Umidaxon Zokirova, partiya viloyat Kengashi raisi O‘ktamjon Axunov, rais o‘rinbosari Xurshidaxon Xalilova hamda mas’ul xodimlar, deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar, tadbirkorlar, partiya faollari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Ko‘rik-tanlov doirasida viloyatda faoliyat yuritayotgan salohiyatli fermer, tadbirkor va ishbilarmon ayollar rahbarligidagi korxonalar mahsulotlari namoyish etilgan ko‘rgazma taqdimoti ham o‘tkazildi.
Yakuniy natijalariga ko‘ra Asaka tumanidagi “Mo‘ydinova Odinaxon” fermer xo‘jaligi rahbari Odinaxon Mo‘ydinova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2 o‘ringa Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘hna vodiy gavhari” fermer xo‘jaligi rahbari Umidaxon Egamova, 3 o‘ringa Buloqboshi tumanidagi “Shirmonbuloq faxri” fermer xo‘jaligi rahbari Muborakxon Isroilova loyiq deb topildi.
Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, partiyaning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.